Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi, malaka oshirish hududiy markazi, “SILK ROAD international Academy in Samarkand” hamda “Maʼrifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyati boʻlimi hamkorligida oʻqituvchilarning dam olishi va salomatligini tiklashi bilan birga, ularning malakasini oshirish maqsadida “Hayot davomida oʻqish tamoyili – amalda” shiori ostida maxsus kurslar tashkil etilmoqda.

“Maʼrifatparvarlar” jamiyati qoshidagi “Ustoz” sihatgohida ushbu malaka oshirish kurslarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Zebiniso Shodiyeva, Samarqand davlat universiteti rektori professor Rustam Xalmurodov soʻzga chiqdi. Xalq taʼlimi sohasidagi muammo va kamchiliklar, pedagoglar bilimidagi muammolarning kelib chiqish sabablari, ularning ijobiy yechimlariga toʻxtalishdi.

Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus orqali pedagoglar Oqdaryodagi “Ustoz” sihatgohida 10 kun dam olish va davolanish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, oʻz fani boʻyicha malakali trener-oʻqituvchilardan 72 soatlik mahorat darslarini oʻzlashtirishadi, deya xabar beradi Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.

Loyiha doirasida joriy yilning 19-iyunidan 24-sentyabriga qadar jami 180 nafar fan oʻqituvchilari bosqichma-bosqich malaka oshirishi hamda dam olishi koʻzda tutilgan.