Bu yil musobaqa dasturiga 51 ta sport va amaliy yo‘nalish bo‘yicha 1301 ta bellashuv kiritilgan. Unda dunyoning 16 davlatidan 666 ta jamoa va 2056 ta robot ishtirok etadi. Ilk o‘yinlar bilan taqqoslaganda, jamoalar soni 138 foizga, robotlar soni esa to‘rt baravarga oshgan, deb xabar berdi Kazinform.

Musobaqalar Pekindagi "Muz tasmasi" milliy konki uchish stadionida o‘tkaziladi.

Tashkiliy qo‘mita raisi doimiy o‘rinbosari, Pekin shahar iqtisodiyot va axborot texnologiyalari boshqarmasi direktori Szyan Guanchjining aytishicha, bu yil dasturga uzunlikka sakrash, og‘ir atletika, arqon tortish, stol tennisi va boshqa yuqori jadallikdagi bellashuvlar qo‘shilgan.

“Bu musobaqalar robotlarning konstruksiyasi va ularning asosiy komponentlari uchun katta sinov bo‘ladi”, – dedi u.

Bundan tashqari, robotlar real ish sharoitlariga imkon qadar yaqin muhitda sinovdan o‘tkaziladi. Ular sanoat, mehmonxona biznesi, uy xo‘jaligi, logistika va boshqa sohalardagi vazifalarni bajaradi.

Robot qo‘llarining chaqqonligini sinashga qaratilgan alohida musobaqalar ham ko‘zda tutilgan. Ular orasida detallarni yig‘ish va uzatish, maishiy yumushlarni bajarish, yong‘in o‘chirish-qutqaruv operatsiyalari hamda kitoblarni saralash kabi vazifalar bor.

Tashkilotchilarning aytishicha, musobaqalar davomida ishlab chiqilgan qoidalarning salmoqli qismi keyinchalik robotlarni texnik qabul qilishning amaliy standartlariga aylanishi mumkin. Shu tariqa musobaqalar yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish bilan birga, gumanoid robotlar ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.