Jizzax davlat pedagogika universitetida Pencak Silat sport turi boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati boʻlib oʻtmoqda

    Jizzax davlat pedagogika universiteti mezbonligida boʻlib oʻtayotgan Pencak Silat sport turidan xalqaro musobaqasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Jizzax Kibersport Arenasida boʻlib oʻtgan marosimda xalqaro va milliy delegatsiya vakillari, 600 dan ziyod sportchilar, murabbiylar, hakamlar va talaba yoshlar ishtirok etishdi.

    Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar bu kabi musobaqalar nafaqat chempionlarni yetishtirishga, balki millatlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtishdi.

    «Biz uchun bu musobaqaga mezbonlik qilish – katta sharaf va masʼuliyat. Jizzax davlat pedagogika universiteti pedagogika, sport va taʼlim sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intiladi. Ushbu tadbir ana shu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biridir. Bugun Jizzaxga kelgan har bir mehmon – bizning aziz doʻstimiz,hamkorimiz va qadrli mehmonimizdir. Universitetimiz jamoasi musobaqaning yuqori darajada oʻtishi, barcha ishtirokchilarning munosib qabul qilinishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etgan. Oʻylaymanki, barcha sportchilar ushbu nufuzli musobaqada faol, halol va yuksak ruhda ishtirok etishadi» — deydi universitet rektori Sh.Sharipov

    Pencak Silat – bu faqat sport emas, bu – madaniyat, tarbiya, birdamlik va tinchlik ramzidir. Sportning Pencak Silat turi boʻyicha Jizzax Davlat pedagogika universiteti hamda Oʻzbekiston Pencak Silat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga 16-may kuni start berildi. Musobaqalar 19-may kuniga qadar davom etadi.