“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, huquqshunoslar, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida jamgʻarma faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari, vazifa va topshiriqlarning joylardagi ijrosi kabi masalalar tanqidiy tahlil qilindi.
Oʻrganish jarayonida Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida joylashtirilgan Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi faoliyatiga bevosita aloqador 2 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta farmoni, 1 ta qarori, shuningdek, ular ijrosini taʼminlashga qaratilgan Hukumatning 5 ta qarorida belgilab berilgan 30 ta bandning ijro holati oʻrganildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar jamgʻarma foliyatida yoʻlga qoʻyilgan xato va kamchiliklarga toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, jamgʻarmaning moddiy texnik bazasi eskirgani, faoliyatiga axborot-kommunikatsiya tizimi toʻliq joriy etilmagani hamda ayrim dasturiy tizimlardan foydalanish oʻz vaqtida toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani maʼlum qilindi.
Natijada, 2021-yil 1-aprel holatiga jamgʻarmaga yuklatilgan 30 ta topshiriqdan 18 tasi bajarilgan, shu jumladan, 3 tasi (16,7%) muddatidan kech bajarilgan, 11 ta hujjat ijro jarayonida (61,1%), 1 ta (5,6%) topshiriqning ijro muddati oʻtgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 2.2.4.1.-bandida 2021-yil 1-martga qadar ijtimoiy himoya milliy strategiyasining maqsadlari, vazifalari va qamrovini aniqlash vazifasi belgilangan. Ammo mazkur vazifaning ijrosi toʻliq taʼminlanmasdan turib, ijrodan chiqarib yuborilgan.
Jamoatchilik eshituvini boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz maʼruzasida sohaga AKT oʻz vaqtida joriy etilmasligi natijasida yuzaga kelayotgan salbiy holatlarga ham alohida toʻxtalib, jumladan shunday dedi:
— Pensiya taʼminoti va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida Harakatlar strategiyasi doirasida bir qator islohotlarning amalga oshirilishi natijasida, ushbu tizim takomillashib borayotganini eʼtirof etish joiz. Ammo bugun Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tizimida aholiga xizmat koʻrsatishda idoralararo hamkorlik muhim ahamiyatga ega boʻlishiga qaramasdan, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan Jamgʻarma faoliyatiga daxldor maʼlumotlarning elektron bazasi oʻz vaqtida shakllantirilmagan. Shu bilan birga, Jamgʻarma faoliyatiga AKTning oʻz vaqtida tatbiq etilmagani tizimda yana bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Jamgʻarma “Pensiya” dasturiy mahsulot server qurilmasidan 10 yildan beri, 2014-yildan buyon esa texnik kafolatsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa dasturda tez-tez toʻxtalishlar va nosozliklarni keltirib chiqarmoqda.
Xususan, 2019-yil “KPMG Audit” xalqaro kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan audit natijasida server qurilmasi holati “xavfli” deb xulosa berilgan boʻlishiga qaramasdan, oʻtgan vaqt davomida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Bu kabi Jamgʻarma faoliyatiga zamonaviy AKTni joriy etishga boʻlgan eʼtiborsizlik oʻz oʻzidan jamoatchilikda ishonchsizlik kayfiyati tugʻdirish bilan birga, Jamgʻarmaning oldiga qoʻyilgan vazifa va maqsadlarni amalga oshirishni ham shubha ostida qoldiradi.
Shuningdek, yuqoridagi kabi texnik nosozliklar sabab jamgʻarmaning boshqaruv apparati, viloyat (shahar) va tuman boʻlimlari oʻrtasida hujjat almashinuv tizimi va ijro intizomi tizimini avtomatlashtirish “ijro.gov.uz” negizida yaratilgan Moliya vazirligining “mf.ijro.uz” tizimidan foydalanish orqali amalga oshirilmoqda. Ammo “mf.ijro.uz” tizimidan foydalanish pullik boʻlgani bois jamgʻarma xodimlarining bor-yoʻgʻi 16 foizi ushbu tizimga ulangan.
Zamonaviy AKTning jamgʻarma tizimiga oʻz vaqtida joriy etilmagani sababli qolgan xodimlar hujjat almashinuvi va ijrodagi hujjatlarning nazoratini qogʻoz koʻrinishida yuritib kelmoqda. Bu esa hujjatlarni qayta ishlash va nazorat qilish ishlarida muddatlarning buzilishiga va qogʻoz sarfining ortishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, jamoatchilik eshituvida jamgʻarma masʼul xodimlari Nuriddin Shodixoʻjayev, Abror Xolmatov, Dilshod Mirsaidovlar tomonidan bugungi kunda pensiya oluvchilar soni va toifasi haqida ham aniq maʼlumotlar taqdim etildi. Jamgʻarma maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil 1-mart holatiga Oʻzbekiston aholisining 3 864 831 nafari, yaʼni 11,2 foizi pensiya olmoqda.
Shundan 2 870 862 nafari (74,3%)ni yoshga doir pensiya, 390 884 nafari (10,1%)ni nogironlik pensiyasi, 192 577 nafari (5,0%)ni boquvchisini yoʻqotgan pensiya oluvchi oilalar va 410 508 nafari (10,6%)ni nafaqa oluvchilardir.
Qizgʻin bahs-munozaralar bilan oʻtgan jamoatchilik eshituvi yakunida ekspert hamda soha xodimlari tomonidan jamgʻarma faoliyatiga AKT joriy qilish, belgilab berilgan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash borasida qilinishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi, deya xabar qiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.