Pensiya taʼminoti tizimida soʻnggi paytda qanday muhim yangiliklar roʻy berdi?

    AOKAda Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida quyidagilar maʼlum qilindi.

    Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshiriladi. Bunda, 2023-yil 1-yanvarga qadar tayinlangan barcha pensiya ishlari qayta hisob-kitob qilib chiqiladi.

    Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob kitob qilinib oʻrtacha oylik pensiya miqdori 400 ming soʻmgacha oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun 2023-yilda Pensiya jamgʻarmasidan qoʻshimcha ravishda 1,6 trln. soʻmdan ortiq miqdoridagi mablagʻ ajratiladi.

    2023-yil 1-yanvardan boshlab I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiyani har ikki yilda bir marta qayta hisoblab chiqish tizimini yoʻlga qoʻyiladi.

    Natijada, 2023-yilda 75 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalari ularning arizalariga asosan qayta hisob-kitob qilinib oʻrtacha 300 ming soʻmgacha oshadi. Ushbu maqsadlar uchun 2023-yilda Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yiliga qoʻshimcha ravishda oʻrtacha 275 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi.

    Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib boragan 43 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi.