Pensiya tayinlash uchun onlayn ariza qanday yuboriladi?

    Bugungi kunga kelib my.gov.uz elektron portalida pensiya yoshiga yetgan fuqarolar pensiya tayinlashni soʻrab onlayn murojaat qilishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Xoʻsh bu xizmatdan qanday foydalanish mumkin?

    Dastavval, my.gov.uz portalidan roʻyxatdan oʻtiladi, yaʼni fuqarolar my.gov.uz portaliga kirib, login va parol yaratib olishlari kerak.

    Eslatma: portalda oldin roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar login va parollarini yozib portalga kirishlari mumkin.

    Ikkinchi bosqichda, SOHALAR boʻlimidan IJTIMOIY HIMOYA kichik boʻlimini topib shu boʻlimga kiriladi.

    Uchinchi bosqichda mazkur boʻlim ichidan PENSIYA TAYINLASH UCHUN ARIZA BERISH tugmasi bosiladi.

    Toʻrtinchi bosqichda XIZMATDAN FOYDALANISH tugmasi bosiladi.

    Beshinchi bosqichda fuqarodan soʻralgan JSHSHIR raqami, pasport seriyasi va raqami, yashash manzili (viloyat, tuman, mahalla), telefon raqami hamda eng zarur maʼlumot — PENSIYA TURI tanlanadi va YUBORISH tugmasi bosiladi.

    Maʼlumotlar toʻgʻri va aniq kiritilgan taqdirda ariza muvaffaqiyatli yuboriladi hamda yuborilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

    Ariza koʻrib chiqilgach, fuqaroga pensiya tayinlanganligi yoki tayinlanish rad etilganligi haqida telefon raqamiga SMS yuboriladi.

    Tayinlangan pensiyadan norozi boʻlgan yoki pensiya tayinlanishi rad etilgan fuqarolar Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga murojaat qilish huquqiga ega.