O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlariga asosan 2022-yil 1-apreldan boshlab o'zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo'lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo'lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so'm miqdorida nafaqa to'lovi joriy etildi.

Bunda o'zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to'g'risidagi ma'lumotlarni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Pensiya jamg'armasining axborot tizimiga elektron tarzda taqdim etib boradi.

Ushbu parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) ga qilgan murojaatlari asosida budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining tuman (shahar) bo'limlari tomonidan mavjud bo'lgan elektron ma'lumotlarga asosan tayinlanadi va to'lanadi.

Shu bilan birga, bugungi kunda Pensiya jamg'armasi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali 8 turdagi ijtimoiy nafaqalar tayinlash uchun ariza berish, 3 turdagi pensiya (nafaqa) haqida ma'lumot olish hamda Pensiya jamg'armasi ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlari joylashgan binolarining yo'nalishli (lokatsiya) manzillarini olish tizimi amaliyotga joriy etildi.

Bu orqali fuqarolar uchun bir qator qulayliklar yaratildi:

  • Davlat xizmatlaridan foydalanish xaftaning istalgan kuni va istalgan vaqtida YAIDXP orqali murojaat etishlari mumkin.
  • Davlat xizmatlari ko'rsatish yoki rad etish 5 soniyada amalga oshiriladi.
  • Davlat xizmatlari ko'rsatilishida Pensiya jamg'armasi xodimlari ishtirok etmaydi.