Pensiya va nafaqa pullarini kechiktirgan tijorat banklari jarimaga tortiladi

    Ijtimoiy hayot 7 May 2021 1076

    AOKAda Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadzoir Oʻrinboyev ishtirokida tizimga kiritilayotgan yangiliklar, qabul qilingan huquqiy hujjatlar mohiyatiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

    “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorida quyidagilar nazarda tutilgan:

    2022-yil 1-yanvardan boshlab pensiya, nafaqa va boshqa toʻlovlarni aholiga yetkazib berish har 3 yilda hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

    Tender tanlovida pensiya va nafaqa oluvchilarga eng yaxshi va qulay sharoit hamda arzonroq xizmat haqi taklif etgan tijorat banki yoki boshqa ihtisoslashgan tashkilot gʻolib deb belgilanadi. Yaʼni, ushbu yoʻnalishda sogʻlom raqobat muhiti yaratiladi hamda tijorat banklari oʻrtasida fuqarolarga pensiya va nafaqalarni yetkazishda sharoitlarni yaxshilash uchun xarakatni ragʻbatlantiradi (bugungi kunda ushbu toʻlovlar faqat Xalq banki filiallari tomonidan yetkazib berilmoqda va buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi toʻlanmoqda).

    Tenderda ishtirok etadigan tijorat banki tomonidan xizmat haqi miqdori toʻlovlarni yashash manziliga yoki mahalla fuqarolar yigʻini binosiga yetkazish shartlaridan kelib chiqib, differensiyalashgan tartibda summaning 1 foizigacha belgilash mumkin.

    Pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazib berish boʻyicha xizmat haqi xarajatlari Pensiya jamgʻarmasi va respublika byudjetidan toʻlab beriladi. Yaʼni, fuqarolarning pensiya va nafaqa summasidan xizmat haqi ushlanmaydi.

    Bundan tashqari ushbu tizimni joriy etilishi natijasida fuqarolarga quyidagi qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi:

    “rejali toʻlov” xizmati joriy etilib, fuqarolar xohishiga koʻra oʻzlarining pensiya va nafaqalaridan kommunal toʻlovlari, kredit yoki boshqa toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;

    fuqarolarga istalgan vaqtda tijorat banki va Pensiya jamgʻarmasiga kelmagan holda mobil ilova yordamida yoki “Call center”ga murojaat qilish orqali oʻzlarining pensiya va nafaqalari olish shaklini (naqd pulda yoki bank kartasi orqali) oʻzgartirish imkoniyati yaratiladi.

    tijorat banklari tomonidan pensiya va nafaqalarni yetkazib berish kechiktirilganligi uchun jarima toʻlash tartibi tatbiq etiladi.