Qayd etilishicha shu yilning 1-mart sanasidan boshlab pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, yaʼni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanishi belgilandi. Fuqaroning shaxsiga oid barcha maʼlumotlari esa vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
Buning natijasida:
— fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qilish talab etilmaydi;
— pensiya yoshiga yetgan fuqaroga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida uning telefon raqamiga “pensiya tayinlanganligi va uning miqdori” toʻgʻrisida sms yuboriladi;
Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan yoki pensiya miqdoridan norozi boʻlgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani rad etish huquqi berilmoqda.
Fuqarolar pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi boʻlgan taqdirda Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq nafaqalarni tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq ishlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan koʻrib chiqilgandi.