Pensiyalarni tayinlashda faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi

    Ijtimoiy hayot 5 May 2021 1957

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan:

    pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlar (pensiya va nafaqalar)ni toʻlash har uch yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida oʻtkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

    Bunda pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yigʻinlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.

    2022-yil 1-iyuldan:

    - davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi;

    Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan chogʻida ishlamaydigan fuqarolarga oʻzlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

    - davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

    Bunda mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi;

    - davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

    Shuningdek, 2022-yil 1-iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatishga moslashtirilgan Pensiya jamgʻarmasining binolari boʻyicha minimal talablarga asosan har bir hududda bittadan Pensiya jamgʻarmasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi” tashkil etiladi.