Perinatal markazi yangilangan binoda ish boshladi

    Salomatlik 12 Dekabr 2020 2550

    Sirdaryoda loyiha qiymati 4,9 milliard soʻm boʻlgan viloyat perinatal markazi binosi foydalanishga topshirildi.

    1973-yilda qurilgan va 1985-yilda qayta taʼmirlangan 160 oʻrinli viloyat perinatal markaz binosi bugungi kun talabiga javob bermay qolgan edi. Oldinda 830 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish vazifasi turibdi.

    Muassasada 2019 - 2020-yillar davomida ikki bosqichli rekonstruksiya ishlarini bajarish uchun 11,0 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, birinchi bosqich uchun 6,0 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Ajratilgan mablagʻ oʻtgan 2019-yilda muassasaning asosiy binosi qayta rekonstruksiya qilish imkonini berdi.

    Qayta rekonstruksiya qilingan binoga mahalliy byudjet hisobidan 7 turdagi eng zamonaviy, yuqori texnologik imkoniyatga ega boʻlgan “My Lab” rusumli koʻp funksiyali UTT apparati, bolalar va kattalar uchun sunʼiy nafas berish apparati, mexanik operatsion stol, operatsiya xonalari uchun galogenli lampa, elektro generator-koagulyator, EKG funksiyali defibrillyator monitori bilan, vakuumli soʻrgʻich apparatlari, qattiq va yumshoq mebellar keltirilib oʻrnatilgan.

    Natijada onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat koʻrsatish sifati sezilarli darajada oshdi. Homilador ayollarga yordam koʻrsatish, chaqaloqlarni perinatal skrining koʻrigidan oʻtkazish, tugʻma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olish imkoni tugʻildi. Avvallari, ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz onalar qamrab olingan boʻlsa, endi esa bu koʻrsatkich 100 %ga yetdi.

    Bugun ushbu markazda qurilish-taʼmirlash ishlarining ikkinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi. Loyiha qiymati 4 milliard 900 million soʻm boʻlgan Markazning Ginekologiya boʻlimi binosi toʻliq foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.