Peshkoʻda “Qalʼa” va “Chibogʻoni” MFY maʼmuriy binolari foydalanishga topshirildi

    Mahalla — milliy qadriyatlar beshigi, tarbiya o'chog'idir.

    Yurtimizda mahalla institutining samarali faoliyatini tashkil etish maqsadida joylardagi oʻzini oʻzi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor kuchaytirildi. Birgina Buxoro viloyatining Peshkoʻ tumanida 37 ta mahalla fuqarolar yigʻinining talab darajasida faoliyat yuritishi uchun keng qamrovli chora-tadbir ishlab chiqilgan va bu jarayonda aholi, ayniqsa, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalar, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Ikki oy ilgari tuman markazidan salkam 20 kilometr uzoqlikdagi “Qalʼa” hamda “Chibogʻoni” mahallalarining maʼmuriy binolarini qayta qurish ishlariga kirishilgandi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    — Hududimizda 485 xonadon, 718 oila va 2 ming 700 ga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ular tashvish va muammolarini tizimli hal qilishda maʼmuriyat uchun ham risoladagiday shart-sharoitga muhtoj edik, – deydi “Qalʼa” MFY raisi Komil Choriyev. — Mavjud binomiz esa oʻtgan asr yetmishinchi yillarida qurilgan va koʻp yildirki, tashlandiq holda yotgandi. Umumiy 15 sotixni egallagan maydonning 2 sotixini egallagan pishiq gʻishtli binoni qayta taʼmirlab, 6 ta xonani risoladagiday koʻrinishga keltirishda himmati baland yurtdoshlarimiz yaqindan koʻmaklashdi. Bu yumushlarga 50 million soʻm atrofida mablagʻ sarflangan boʻlsa, tuman hokimligi tomonidan ish stol-stullari va shkaf tortiq qilindi. Binoda 47-sonli Militsiya tayanch punkti bilan birga hududdagi ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida ayollar tikuv sexi ham ish boshlagani ayni muddao boʻldi.

    Xuddi shunday, bugun Degdovon, Chibogʻoni, Sarichashma va Chalmagadoy qishloqlarini qamragan “Chibogʻoni” MFY da ham koʻp yillik muammo oʻz yechimini topdi. Barpo etilganiga 50 yildan oshgan ikki qavatli mustahkam bino qayta chiroy ochdi.

    — Oʻnga yaqin xizmat xonasi orasta koʻrinishga keltirilib, hudud profilaktika inspektori hamda veterinariya xizmati shaxobchasi ham mazkur inshootdan oʻrin oldi, – deydi MFY raisi Ulfat Xudoyberdiyev. — Zamonaviy mahalla binosi bilan birga, uning oldidagi 4 sotixli ekin yeri koʻkalamzorlashtirilib, soʻlim boqqa aylantirildi, stol-stul, shkaf hamda kompyuter jamlanmasi berildi. Endilikda 4 ming 200 dan ortiq aholi yashayotgan hududda aholi bilan ishlashda bizga yaratib berilgan shart-sharoitga munosib faoliyat koʻrsatishga harakat qilamiz.