Peterburgda sodir boʻlgan yongʻinda oʻzbekistonlik migrant qahramonlik koʻrsatdi

    Shu yilning 25-apreli kuni tong sahar Podolski koʻchasidagi tarixiy uyda yongʻin chiqdi. Yongʻin chogʻida odamlarga birinchilardan boʻlib, oʻsha yerda ishlayotgan Olim ismli farrosh yigit yordamga shoshildi.

    — Ishga kelgan vaqtim endigina soat ertalabki olti boʻlgandi, — eslaydi u. — Qarasam, bir uyning oynasidan olov chiqyapti. Shu ondayoq oʻt oʻchiruvchilarga xabar qildim. Ular kelganida olov shunday alanga olgan ediki, odamlar oynadan tashqariga chiqa boshlashdi. Koʻrdimki, ayollar qoʻrqib ketganidan oʻzlarini derazadan tashlashga urinmoqda. Ularga “Sakramanglar, hozir sizlarni qutqarishadi”, dedim. Shu paytda oʻt oʻchiruvchilar narvonlarini oʻrnatishayotgandi.

    Lekin qoʻrquvdan oʻzini yoʻqotgan odamlar uchinchi qavatdan tashlashga tayyor edi. Bu soniyalarda Olim oqava suv trubasi orqali osilib chiqdi. Bir necha yengil harakatlar orqali ularning oldiga yetib bordi. Olim ayollarning biriga trubani ushlab olishga yordam berdi. Chunki olov va tutun taʼsiridan u yerda turish imkonsiz edi.

    Oʻt oʻchiruvchilar narvonni qoʻyishga ulgurishdi. Farrosh yigit ularning tushishiga yordam berdi.

    Agar yoʻlovchilarning biri bu hodisani tasvirga olmaganida va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatmaganida bu jasorat haqida hech kim bilmagan boʻlardi.