Oʻzbekiston Hukumati portali maʼlumotiga koʻra, ikki mamlakat Bosh vazirlari ishtirok etgan biznes-forumda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar mohiyati haqida soʻz yuritildi.

Jumladan, xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinib, ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingani, soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga, ayrimlarining stavkalari esa ikki barobarga kamaytirilganiga eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda valyuta bozori liberallashtirildi va daromadlarni repatriatsiya qilish boʻyicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Joriy yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.

Yirik banklar, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilindi. Uning doirasida mingga yaqin korxona va yirik obyektlar sotuvga chiqarildi.

Energetika, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim, infratuzilmani rivojlantirish va yoʻl qurilishi sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik tamoyili faol joriy etilmoqda.

Bugungi kunda 90 dan ortiq xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani Oʻzbekistonni mintaqadagi eng ochiq davlatga aylantirdi.

Investorlarning huquqini himoya qilish maqsadida investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida alohida qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Biznes ombudsman instituti joriy etildi.

Iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan davlatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, tadbirkor muayyan davlatga sarmoya kiritishdan avval u yerdagi imkoniyatlarni diqqat bilan oʻrganadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Hujjatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha qator muhim vazifalar belgilangan.

Strategiyadan asosiy maqsad – ochiq, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan davlat qurishdir. Buning uchun Oʻzbekistonning yetarlicha imkoniyati bor, umuman olganda, Chexiya biznesining Oʻzbekiston bozoriga kirishida katta istiqbollar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Biznes-forum yakunlari boʻyicha muhim ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi va imzolandi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ishonchni oshirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollarini nazarda tutuvchi kengaytirilgan hamkorlikni oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiyani qabul qildilar.

Bundan tashqari, delegatsiya rahbarlari ishtirokida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:

Oʻzbekiston  Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisida Bitim;

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisida Bitimning Ijro Bayonnomasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisida Bitim.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston-Chexiya biznes forumi doirasida ikki mamlakat oʻrtasida kengaytirilgan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.