“PFLEL” brendi oʻzbek poyabzallarini import qilishni boshlaydi

    Biznes 21 Noyabr 2022 1136

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Rossiyaning “PFLEL” kompaniyasi vakillari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan maxsus poyabzallarini Rossiya bozoriga eksport qilish masalasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Rossiya kompaniyasi Oʻzbekiston korxonalari bilan aynan maxsus poyabzallarni ishlab chiqarish shuningdek, poyabzal ustki qisimlarini xarid qilish boʻyicha muzokara oʻtkazdi. Kompaniya tomonidan mahalliy korxonalarimizdan 50 ming juft poyabzal xarid qilish taklifi bildirildi. “PFLEL” kompaniyasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan maxsus poyabzallarining sifati bilan yaqindan tanishish maqsadida korxonalarga tashrif buyurish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

    Muloqot davomida “PFLEL” kompaniyasi ishlab chiqarish faoliyati, eksport imkoniyatlari toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi. Yiliga 1 million juft maxsus poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega “PFLEL” brendi 1997-yilda oʻz faoliyatini boshlagan. Bugungi kunga kelib, RFning eng yirik 5 ta korxonalaridan biri sanaladi. Asosan sanoat uchun maxsus poyabzallar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Hozirda korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari 106 barobarga ortgan. 700 dan ortiq ishchi kuchiga ega.

    Muloqot soʻngida ayni yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha istiqboldagi vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.