“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan sohani raqamlashtirish orqali toʻlov intizomi va madaniyatini yaxshilash, shuningdek, yetkazib berilayotgan ichimlik suvi va koʻrsatilayotgan oqova suv xizmatlari uchun toʻlovlarning shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida 2021-yil 20-mayidan boshlab pilot loyihasi asosida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent shahrining Olmazor hamda Shayxontohur tumanlarida suv taʼminoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari toʻxtatilgan edi.

Ushbu hududlarga biriktirilgan nazoratchilar faqat belgilangan tartibdagi kuzatuv va xatlov ishlari bilan shugʻullanib, ular tasarrufidagi toʻlov terminallari va termoprinterlar boshqa hududlarga biriktirildi.

Yetkazilgan ichimlik suvi va koʻrsatilgan oqova suv xizmatlaridan kelgan tushumlar miqdori joriy yil yanvar-oktabr oylarida 1,3 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 519 mlrd. soʻm yoki 71 foizga oshdi.

Ushbu ijobiy tendensiyadan kelib chiqib, joriy yil avgust-noyabr oylarida respublikamizning 32 ta tuman va shaharlarida ham ushbu loyiha amalda tatbiq etilgan edi.

Joriy yil 1-dekabrdan boshlab esa bunday tartib respublikamizning yana 35 ta tuman va shaharlarida, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus va Moʻynoq tumanlarida, Andijon viloyatining Asaka tumani va Xonobod shahrida, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida, Jizzax viloyatining Zafarobod, Forish va Gʻallaorol tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Dehqonobod tumanlarida, Namangan viloyatining Pop va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida, Samarqand viloyatining Narpay tumanida, Surxondaryo viloyatining Sherobod va Bandixon tumanlarida, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari, Toshkent shahrining Bektemir va Yangi hayot tumanlarida, Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlari, Xorazm viloyatining Shovot va Tuproqqalʼa tumanlarida joriy etiladi.