Ayniqsa, Yangi yil arafasida bu avj oladi har yili. Respublikamizda ushbu bayramni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida hududlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida profilaktik nazorat ishlari olib borilmoqda. Andijon viloyatida ham “Tozalash-Antiterror” maxsus tezkor-profilaktik reydi oʻtkazildi. Natija qanday?

Odamlar koʻchada yuragini hovuchlamay, erkin yurishlari kerak

Izgʻirinda koʻchaga chiqishga odam nainki erinadi, balki hayiqadi ham. Shunday emasmi? Nafaqat oʻquvchilar, balki bir oilaga tirgak boʻladigan darajada ulgʻayganlar ham baʼzan pirotexnika vositalari bilan oʻynashadiki, inson salomatligi, xavfsizligi koʻziga koʻrinmaganidan yoqa ushlaydi kishi. Bolalar kattalardan oʻrnak oladi. Ammo kattalarchi? Odamlar koʻchada ayni bayram arafasida emin-erkin yurishi kerak emasmi?

– Shuni alohida taʼkidlash kerak, reyd davomida pirotexnika vositalari yirik aylanma savdosining oldi olindi. Yaʼni Boʻston tumani hududidan oʻtuvchi A373 avtomobil yoʻlining “Andijon-Toshkent” yoʻnalishida yoʻl chetida turgan 21 yoshli fuqaro B.Shamda 35 yoshli fuqaro J.S.ga tegishli ikkita “Lasetti” avtomobillari xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Avtomobillarning salon qismi va yukxonasida 23 yoshli fuqaro S.A.ga tegishli boʻlgan, xorijda ishlab chiqarilgan “7SHOTS” nomli 67 dona, “Zolotoy pesok” nomli 264 dona, “KORSAR” nomli 750 quti (har bir qutida 60 donadan), “9D” nomli 11 dona, umumiy narxi 1100 AKSH dollarlik pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Yana bir holat, Oltinkoʻl tumanida yashovchi 2005-yilda tugʻilgan fuqaro A.N.ning sumkasi nazorat tartibida xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida undan 11 ta qutida 679 dona “Britanik” nomli pirotexnika vositalari, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro A.R oʻzining avtomashinasi yukxonasidan esa 28 ta qutida 1680 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi va bunga koʻra tegishli chora koʻrildi. – deydi Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati boshligʻi, katta leytenant Sherzodbek Nuriddinov.

Bemorlar asosan oʻsmirlar

Albatta, hali bu paqildoqlar mashmashasi tugadi degani emas. Bayram oldinda. Huquni himoya qiluvchi xodmlar bilan bir qatorda shifokorlar ham ogoh boʻlishga chaqiradi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, pirotexnika vositalari yonganida nafaqat qoʻl va koʻz kuyishi mumkin, balki quloq pardasi yorilishi, yuz sohasida tirtiq qolishi kabi xavfi ham bor.

– Pirotexnika hidi ham astmani qoʻzitadi. Biz bilgandan ham ziyoni koʻp bu narsaning. Viloyatimizda paqildoqlardan kuygan bemorlarni asosan 11-12 yoshli bolalar tashkil etadi. Yana bir eʼtiborli jihat, qiz bolalarda kuyish boʻyicha murojaatlar oʻgʻil bolalarga qaraganda koʻproq. Masalan, yaqinda bir bemorning onasi murojaat qildi. Qizi maktabdan qaytayotganida bolalar paqildoq otgan va paqildoq qizning paltosi yoqasiga ilashib qolgan. Natijada pirotexnika vositasi chaqnaganda qizning quloq sohasi shikastlangan. Ammo kiyim qalin boʻlgani sabab pirotexnika yuz va quloq qismini shikastlagan boʻlsa-da, quloq pardasi yorilmagan. Aks holda qizcha kar boʻlib qolishi ham hech gapmas edi…

Albatta, hozircha pirotexnikadan kuygan bemorlar avvalgi yillardan kam. Ammo bayram hali oldinda. Shu sabab ota-onalar bolalariga har doimgidan ham koʻproq eʼtiborli boʻlishi kerak. Yaʼni odob va tartib-intizomga chaqirishi, pirotexnikaning ziyonini tushuntirishi kerak. Zero, bolalar boshqalardan ham koʻra ota-onasiga koʻproq quloq soladi, ulardan oʻrnak oladi. – deydi Poʻlatjon Sharapov, gomoseolog.

Pirotexnika – umr zavoli. Nainki salomatlikka, balki ruhiyatga-da yetkazilgan jarohatning bitishi qiyin. Hatto baʼzan imkonsiz. Paqildoqdan omon qolgan taqdirda ham kishi nogiron boʻlib qolishi turgan gap. Shunday ekan, Yangi yilni yaxshi kayfiyatda, xavfsizlikda kutib olish sizu bizning – oʻzimizning qoʻlimizda.

Yulduz OʻRMONOVA