Piskent va Boʻka tumanlaridagi bogʻchalarda bolalar ovqatdan zaharlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent va Boʻka tumanidagi bogʻchalarda bolalar zaharlangani, ular soni ancha koʻpligi va shifoxonaga sigʻmagani tufayli qoʻshni tumanlarga joʻnatilgani haqida videolavha tarqaldi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

    Joriy yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Boʻka tumanlaridagi bir necha maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida oʻzgarish boʻlganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar boʻlimiga murojaat qilingan.

    Dastlabki tibbiy koʻriklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining oʻtkir funksional buzilishi, ovqat toksik-infeksiyasi” tashxisi qoʻyilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning oʻzida aksariyat bolalarning sogʻligʻi yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Ogʻir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

    Mazkur vaziyat darhol Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda oʻrganish ishlari boshlangan.

    Dastlabki taxminlarga koʻra, bolalar sogʻligʻidagi oʻzgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab boʻlgan. Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqoʻrgʻon tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

    Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda isteʼmol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan oʻtkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti.

    Oʻrganishlar yakunlariga koʻra, holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar beriladi.