Ammo uning o'zi yuksak marralarga erisha olishiga ishongan, tinmay mehnat qilgan.

Piskent farzandi, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori Nodira Rustamova joriy yilning 23-fevraldan 1-martiga qadar Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo'lib o'tgan “Global Peace Summit Dubai — 2022” Global tinchlik sammitida O'zbekistondan delegat sifatida qatnashdi. 

Birlashgan millatlar tashkilotining 2030-yilgacha Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini butun dunyoda ijrosini ta'minlash maqsadida o'tkazilgan tadbir “Global Peace Chain” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan. Unda dunyoning 200 dan ortiq davlatlaridan delegatlar — Tinchlik elchilari ishtirok etdi. Vakilamiz o'z nutqida O'zbekistonning tinchlikparvar siyosati, ahil qo'shnichiligi, millatlararo totuvligi, milliy qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga namoyish etdi. 

— Tinchlik ulug' ne'mat. Tinchlik bo'lmagan joyda hech qanday rivojlanishni ta'minlab, taraqqiyotni tasavvur etib bo'lmaydi, — deydi Nodira Rustamova. — Bugun dunyoning ayrim hududlarida mavjud notinch vaziyatda millatlar o'rtasidagi tinchlik-totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish asosiy vazifalardan biri. Mazkur Sammitdan ko'zlangan maqsad ham tinchlikning qadriga etish, har bir inson qaysi xalq, qaysi millat farzandi bo'lishi va qaysi dinga e'tiqod qilishidan qat'iy nazar, tinchlikda yashash huquqiga egaligiga jahon hamjamiyatini ishontirishdan iborat.

Ushbu xalqaro tadbirda tinchlik, gender tengligi, jamiyatdagi tabaqalashuv hamda notenglik, toza ichimlik suvi, barqaror quvvat manbalari, nizo va ziddiyatlarni tinch yo'l bilan hal etish masalalarida fikr almashildi. Shuningdek, har bir davlat vakili o'z milliy urf-odatlari, qadriyatlari hamda liboslarini boshqa xalqlarga namoyish etdi. Delegatlar esdalik sovg'alari, ezgu niyatlar va tilaklar yozilgan buyumlarni bir-birlariga taqdim etdilar. Bunday tadbirlar millat va elatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishi, dunyoda tinchlikni ta'minlashda barchamiz birday mas'ul ekanimizni chuqur his qilish va anglashga yordam beradi.

Bashorat SATTOROVA,

jurnalist