— Piyoda yurish orqali organizm sezilarli darajada kaloriya yoʻqotadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova. — Masalan, 70 kilogramm vaznli kishi yugurish vaqtida soatiga taxminan 500-600 kilokaloriya, piyoda yurish davomida 250 kilokaloriya sarflaydi.
Natijada ortiqcha energiya sarflanib, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon taʼminoti yaxshilanadi. Umurtqa pogʻonalari toʻqimalari kislorod bilan toʻyinadi. Asab tolalari mustahkamlanib, infarkt va insult kabi ogʻir kasalliklar xavfi ikki baravar kamayadi.
Yurganda har daqiqada 5 kilokaloriya yoʻqotiladi. Ogʻirlik qancha koʻp boʻlsa, energiya shuncha koʻp sarflanadi. Misol uchun, 1,5 kilometr yurganda:
- 72 kilogramm vaznli inson — 105 kilokaloriya,
- 100 kilogramm vaznli kishi — 135 kilokaloriya yoʻqotadi.
Piyoda yurish orqali organizmdagi barcha ortiqcha tuzlar va toksinlar chiqib ketadi. Natijada tana tozalanib, inson yengil harakatlanadi, sogʻligi yaxshilanadi va umri uzayadi.
Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.