Piyodalar kiyimining rangi yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega?

    2022-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 3 ming 559 ta YTH sodir boʻlib, ularda 2 ming 775 kishi turli darajada tan jarohatini olgan, 784 nafari esa hayotdan koʻz yumgan.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari piyodalar kiyimining rangi yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega ekanligini tahlil qildi.

    Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 3 ming 559 ta YTH sodir boʻlib, ularda 2 ming 775 kishi turli darajada tan jarohatini olgan, 784 nafari esa hayotdan koʻz yumgan. Har toʻrtinchi baxtsiz hodisaga tezlikning belgilangan meʼyordan oshirilishi sabab boʻlgan. Baxtsiz hodisalarning 47 foizida piyodalar urib yuborilgan.

    Yoʻl-transport hodisalari katta iqtisodiy xarajatlarga olib keladi. Masalan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili yoʻl-transport hodisalarida 1,3 million kishi hayotdan bevaqt koʻz yumadi va 20 milllion nafardan 50 million nafargacha odam turli hil tan jarohatini oladi. “Yoʻl harakati xavfsizligiga sarmoya kiritish: global xususiy sektor majburiyati” nomli tadqiqotda baxtsiz hodisalar dunyo iqtisodiyotiga yiliga 518 milliard dollar zarar keltirishi hisoblab chiqilgan.

    Jahon banki hisobotiga koʻra, yoʻl-transport hodisalari tufayli hayotdan koʻz yumish va jarohat olish bilan bogʻliq holatlar iqtisodiy rivojlanishning oʻrta va uzoq muddatli istiqboliga taʼsir qiladi. Chunki YTH katta yoshdagi odamlarni mehnatga layoqatlilar safidan chiqaradi, jarohat oqibatida mehnat unumdorligi pasayadi. 135 ta mamlakatdagi oʻlim darajasi va iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha batafsil maʼlumotlardan foydalangan holda baxtsiz hodisalar oqibatida oʻlim bilan bogʻliq holatlarning oʻrtacha 10 foizga kamayishi real YAIMning aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan ulushini 24 yil davomida 3,6 foizga oshirishi aniqlandi.

    Yoʻllarda oʻlim darajasini kamaytirishning turli usullari mavjud. Samarali usullardan biri bu tunda piyodalarning yorqin rangdagi kiyimlarni kiyishidir.

    PMTI tungi vaqtda piyodalar kiyimining rangi qay darajada koʻrinishini namoyish etuvchi infografika tayyorladi. Yorugʻlikni qaytaruvchi elementlar 130 metrdan koʻrinadi. Bu esa soatiga 80 kilometr tezlikda harakatlanayotgan avtomobilning ham oʻz vaqtida toʻxtashiga imkon beradi. Yorqin ranglar (sariq, oq) 37-55 metr masofadan koʻrinadi. Agar koʻk rang 17 metr masofadan koʻrinsa, qora rang deyarli koʻrinmaydi.

    Tezlikni belgilangan meʼyordan oshirmaslik, maktab va boshqa taʼlim muassasalari yonida tezlikni pasaytirish haydovchilarga transport vositasini oʻz vaqtida toʻxtatishga ulgurish imkonini beradi. Piyodalar koʻp oʻtadigan joylarda tezlikni infratuzilmaviy muhandislik vositalari yordamida cheklash amaliyotini keng miqyosda davom ettirish maqsadga muvofiq. Masalan, jahon amaliyotida yoʻl sathidan biroz balandroq piyodalar yoʻlagi, piyodalar oʻtadigan joylarda yoʻlning qatnov qismini toraytirish, sunʼiy burilishlar va boshqa usullar qoʻllaniladi.