Vaziyat yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Taʼkidlanishicha, Surxondaryo viloyatida ertaki piyoz 2024-yil hosili uchun barcha toifa xoʻjaliklarida jami 21,2 ming gektar yer maydonlarida yetishtirilgan boʻlib, 2023-yilga nisbatan 4,7 ming gektar yoki 128,5 foizga koʻp ekilgan.

May va iyun oylarida jami 650,5 ming tonna, oʻtgan yilga nisbatan 256 ming tonna koʻp piyoz hosili olingan.

2024-yil aprel oyining 2 yarmidan boshlab piyoz hosilini yigʻib olish boshlandi va piyozning oʻrtacha narxi dalada 2200 soʻmni, chakana savdoda 3000 soʻmni tashkil etdi.

Piyoz mahsulotining narxi asosan may oyining 2 yarmidan to hozirgi kunga qadar dehqon dalasida 500 soʻmgacha, chakana savdoda oʻrtacha 1400 soʻmni tashkil etdi. Bunga asosiy taʼsir etgan omil mahsulotning pishiqchilik davriga toʻgʻri kelganligida boʻlmoqda.

Yigʻishtirib olingan piyoz mahsulotlarini sifatli saqlash, qayta ishlash va ichki hamda tashqi bozorlarga yoʻnaltirish boʻyicha viloyatda jami 176 ta 108 ming tonna quvvatdagi saqlash sigʻimlari, yillik ishlab chiqarish quvvati 168 ming tonna boʻlgan 24 ta meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari (shundan quvvati 33 ming tonna boʻlgan 6 ta korxonada quritish texnologiyalari mavjud boʻlib) faoliyat yuritib kelmoqda. Misol uchun Denov tumanida 2024-yil hosili uchun barcha toifa xoʻjaliklarida 55 ming 876 tonnadan ziyod piyoz mahsulotlari olingan. Bu 2023-yil hosiliga nisbatan 10 ming tonna koʻp.

Ushbu tumanda piyoz mahsulotini saqlash uchun jami 36 ta 16 ming 900 tonna quvvatdagi, shundan 26 ta 9 ming 900 tonna sigʻimga ega zamonaviy muzlatkich va 10 ta 7 ming tonna sigʻimga ega oddiy omborxonalar mavjud.

Piyoz eksporti. Surxondaryo viloyati boʻyicha joriy yil yanvar iyun oylari davomida respublikada faoliyat koʻrsatib kelayotgan eksportyorlar tomonidan 69,3 tonna yoki 17,8 mln dollarlik piyoz eksporti (2023-yilning shu davriga nisbatan 54 ming 635,5 tonnaga yoki 4.7 barobarga koʻp) amalga oshirilgan.

Piyoz mahsuloti asosan Rossiya, Ukraina, Latviya, Qozogʻiston, Afgʻoniston va boshqa davlatlarga bir kilogramm uchun oʻrtacha 0,15-0,3 AQSH dollaridan eksport qilinmoqda.

Oʻzbekistondan import qilinayotgan ertaki piyozning birinchi partiyalari 18-19-maydan boshlab Qozogʻistonga 0,16 dollardan yetkazib berildi.

Piyoz narxi Ukraina bozorida ikki hafta oldingi 25-30 grivna/kg (0,64-0,75 doll)ga nisbatan 20-28 grivna/kg (0,50-0,70 doll)gacha arzonlashdi.

Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Ozarbayjondan piyoz yetkazib berish hajmining ortishi, sifatli piyoz segmentida narxning pasayishiga olib kelmoqda hamda bozorda piyoz haddan ziyod koʻpligi kuzatilmoqda.

Yangi Qoʻyliq dehqon bozori – “Food city” savdo majmuasida 2024-yil 1-iyun holatiga piyozning oʻrtacha narxi 1400 soʻmni tashkil etgan.

Savdoni rivojlantirish. Ichki va tashki bozorlarga mahsulotlarni yetkazib berish va birlamchi qayta ishlash boʻyicha viloyatning fermer va dehqon xoʻjaliklarida hamda aholi tomorqalarida 2024-yil hosilidan yetishtirilgan piyoz mahsulotini qabul qilish manzilgohlari tashkil etildi.

Maʼlumot uchun. “Agro Sun Energy” MCHJ tomonidan Denov tumani “Otqamar” va “Qumqishloq” MFY, Shoʻrchi tumani Xoʻjamiyarov, Alpomish MFY, Qumqoʻrgʻon tumani “Halaki”, “Boymoqli” MFY hududida. (B.Maxmatqulov, tel. 94-202-77-79), “Bless S.R.” MCHJ tomonidan Muzrabot tumanida “Oriyat” MFY hududida (A.Xamraqulov, tel. 93-331-14-41), “Termiz Agro impeks” MCHJ tomonidan:Termiz tumani “Yangiobod” MFY hududida(A.Xamraqulov, tel. 93-331-14-41).

Hozirgi kunda “BLESS S.R” MCHJ hamda “Agro Sun Energy” MCHJ tomonidan 5 ming tonna qiymati 2.7 mln.dollarlik piyoz mahsulotlarini Rossiya davlatiga eksporti amalga oshirildi.

Shuningdek, viloyatda yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini katta hajmda “GOLD DRIED FRUITS EXPORT” MCHJ tomonidan fermer va dehqon xoʻjaliklaridan olish boʻyicha kelishuvga erishildi va tayyorlov ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga yetkazish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.

Misol uchun Denov tumani Bobur mahallasida yashovchi fuqaro R. Tursunovning 1,5 gektar maydondagi 100 tonna, Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro S.Boʻriyevning 1 gektar maydondagi 75 tonna, R.Ashurovaning 0,15 gektar yer maydonidagi 10 tonna, O.Tovoshorovaning 0,15 gektar yer maydonidagi 8 tonna, S. Xalilovning 2.5 gektar maydondagi 180 tonna piyoz mahsulotlari eksportga va ichki bozorga yoʻnaltirilishida amaliy yordam berildi.

Bunda ulgurji savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar tomonidan dehqonning dalasidan piyozning kalibri va qadoqlanishidan kelib chiqib, 400-600 soʻmdan sotib olmoqda.

Ushbu tadbirkorlarning piyoz mahsulotlari yer maydonlaridan yigʻishtirib olingandan soʻng, yeryongʻoq va serhosil makkajoʻxori ekinlari yetishtirilishi belgilandi.