Har bir odam hayotida hech boʻlmasa bir marta suvni plastik idishdan ichgan. Lekin, isteʼmolchilarning aksariyati suv quyilgan idish qanday plastikdan tayyorlangani haqida oʻylab koʻrmasligi ham hammamizga maʼlum boʻlsa kerak. Bu haqidagi maʼlumot etiketkada emas, balki idish tubidagi 1 dan 7 gacha boʻlgan raqamlar va bir necha harflarda berilgan. Ushbu belgilar nimani anglatishini, qaysi plastik xavfli emas, umuman, plastik idishlarning barchasi xavfsizmi degan savolga javob topishga harakat qilib koʻramiz.

  1. RET/RETE. Dunyoda eng koʻp ishlatiladigan plastmassa turi. Bu turdagi plastik ogʻir metallar va gormonal balansga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi moddalarni ajratib chiqaradi. Bu turdagi plastik idishlar faqat bir marta foydalanishga moʻljallangan.
  2. HDP/HDPE. Bunday markirovkali plastik suyuqlikka zararli moddalarni deyarli ajratib chiqarmaydi, atrof-muhit uchun xavfsiz va yaxshi qayta ishlanadi. Odatda, sut va yuvish vositalari uchun idish tayyorlashda ishlatiladi.
  3. PVC/V. Plastikning bu turi juda egiluvchan boʻlib, bir nechta zararli kimyoviy moddalar ajratib chiqarishi bilan ajralib turadi. Odatda, oʻsimlik yogʻi, bolalar oʻyinchoqlarini saqlashda, mahsulotlarning blisterli upakovkasi, kompyuter kabellari qoplamasi, sugʻorish shlanglari va deraza romlarini tayyorlashda ishlatiladi.
  4. LDPE. Ushbu markirovkali plastik suyuqlik uchun mutlaqo xavfsiz boʻlsada, mahsulotlarni saqlash uchun umuman yaramaydi. Bu turdagi plastikdan mahsulotlar uchun paketlar tayyorlanadi. Plastikdan ajralib chiqayotgan kimyoviy moddalar yurak faoliyati uchun oʻta xavfli hisoblanadi.
  5. PP. Plastikning bu turi nisbatan xavfsiz. Undan yogurt va turli siroplar uchun idish tayyorlashda foydalaniladi. Issiqlikka chidamli va qizdirilganda erimaydi.
  6. PS. Polistirol – kundalik turmushimizda eng koʻp uchraydigan plastik turi. Undan tez ovqatlanish konteynerlari va qahva stakanlari tayyorlanadi. Sovuq ichimliklar uchun xavfsiz, ammo qizdirilganda xavfli kimyoviy moddalarni ajratib chiqaradi.
  7. PC.Polikarbonat – suv uchun butilka va oziq-ovqat konteynerlarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan plastik. PC.Polikarbonat – mavjud plastiklarning eng xavfli turi hisoblanadi. Undan tayyorlangan idish yoki konteynerda ovqatni saqlashga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Plastikning aynan shu turi odamdagi endokrin tizimini buzadigan va estrogen ishlab chiqarilishiga toʻsqinlik qiluvchi oʻta zararli modda – bisfenol A moddasini ajratib chiqaradi.