Plastik kartalardagi mablagʻlarni oʻgʻirlash ogʻirlashtiruvchi holat sifatida malakalanishi kutilmoqda

    Xavfsizlik 9 Mart 2022 1645

    Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

    Majlisda bugun bank plastik kartochkalaridan pul mablagʻlarini oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilish holatlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan malakalanishi taʼkidlandi.

    Koʻp hollarda fuqarolarning bank plastik kartochkalaridan oz miqdorda talon-toroj qilinayotgani sababli bu qilmish Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismi bilan ayb eʼlon qilinadi.

    Bu oʻz navbatida, aybdor shaxslarga nisbatan yetarlicha jazo choralarining qoʻllanilmayotganiga, ularning axloqan tuzalish yoʻliga oʻtmayotganiga, takroran jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga olib kelmoqda.

    Shu jihatdan, bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalarini ogʻirlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan toʻldirish taklif qilinmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablagʻlarini yashirin ravishda talon-toroj qilish, fuqarolarning ishonchiga kirib uning hisob raqami yoki plastik kartasidagi pul mablagʻlarini oʻgʻirlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.