Farg'ona viloyatining paxtachilikda o'z maktabi bor. So'ngi yillarda yangi navlar yaratildi, agrotexnika takomillashdi, hosildorlik ayrim fermer xo'jaliklarida 50 sentner va undan ham yuqori bo'ldi. Bu albatta ilmiy xulosalarga asoslangan yondashuvning ham natijasidir.

Bu yil viloyatda 82080 gektar maydonga chigit ekiladi. Bahorning dastlabki oylaridagi tabiat injiqliklari tufayli ekish muddati biroz kechikdi. Shunga qaramasdan hozirgacha yetmish foiz maydonda ekish ishlari tugallandi.

Paxtachilikning ilg'or texnologiyalaridan biri ko'chatni plyonka ostida yetishtirib olishdir.  Dehqonlar bu usulning afzalligini o'z faoliyatlarida sinab ko'rgan. Klaster va fermerlar tashabbusi bilan 8 ming gektardan ko'proq maydonda shu tajriba qo'llanilmoqda. Qolaversa, bu an'naviy usulda chigitni plyonka ostiga ekishning o'zi emas. Balki innovatsion texnologiyalar joriy etib, endilikda ko'chatni plyonka ostida tomchilatib sug'orish asosida unudirib olinadi. Bu borada klasterlar namuna ko'rsatmoqda.

Farg'ona tumanidagi “Ferqana osean textile” paxta-to'qimachilik klasterida Turkiya texnologiyasi asosida chigit ekish  ishlari amalga oshirilmoqda.  Yangi usulda hosil yetishtirish ko'plab afzalliklarga ega.   Avvalo  suv va mablag'ni tejaydi, hosidorlikni  oshiradi.

Plyonka ostiga tomchilatib sug'orish uchun moslangan maxsus  yelim shlanglar  yotqiziladi, urug'  qo'shqator  usulda uyalab qadaladi.  Bu gektarlarda to'liq ko'chatlar yaratishda o'ziga xos  imkoniyatga ega. Ekinlar yagana, chopiq qilinmaydi. Niholarni  kerakli suv va ozuqalar bilan ta'minlashda  aniq-hisob-kitoblar asosida yotqizilgan quvurlarning xizmati katta. Ular kerakli chuqurlik va  ko'lamda  er namligini saqlab turadi. Suv, mineral  o'g'itlar, zararli hashorat, begona o'tlarga  qarshi kurashish vositalari ham quvurlar yordamida amalga oshiriladi. Natijada hatto suv taqchil, unumdorligi past bo'lgan erlarda  yuqori hosil olish imkoniyati  yaratildi.

— Joriy mavsumda 849 gektar  paxta maydonida  ana shunday  texnologiyalar yordamida hosil yetishtiramiz, — deydi  paxta-to'kimachilik klasteri bosh agronomi Xurshidbek Tursunbekov. — Bu borada Turkiyaning ”Yildirim insaat malzemeleri damlama sulama sisteleri” korxonasi bilan hamkorlik qilyapmiz. Bu ishlarga 5 ta maxsus chigit qadash seyalkalari jalb etilgan. SHu  kunga qadar mazkur texnologiya  asosida 300 gektardan ortiq maydonga urug' qadab bo'lindi. 

Yangi usulning yana bir o'ziga xos jihati, urug' sarfi ikki hissaga kamayadi, shunga qaramay unuvchanligi yuqori bo'lgani uchun sanab donalab tashlangan chigitdan har gektar yerda 200 ming tupga yaqin ko'chat undirib  parvarishlanadi. Bu hosilni erta yetishtirish, samaradorlikni  oshirish,  sifatini yaxshilash imkoniyatini beradi.

                                                            Rasuljon KAMOLOV,

jurnalist