— Diareyaning oldini olish uchun nimalarga koʻproq eʼtibor berish kerak?

— Avvalo, oilada ozodalikka jiddiy eʼtibor qaratish darkor. Qolaversa, har bir inson shaxsiy gigiyenaga qatʼiy rioya etishi lozim. Bundan tashqari, har bir xonadonda qaynagan suv boʻlishi kerak. Uyda ham, koʻcha-kuyda ham sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilmaslik kerak. Ayniqsa, bolalar uchun tayyorlanadigan har bir taom, jumladan, sutli taomlar obdon qaynab pishishi maqsadga muvofiq. Meva-sabzavotlarning sifatlisini tanlab, tozalab yuvib keyin isteʼmol qilish kerak.

Bolalarga “fast-fud”, gazli suvlar berish zararli. Ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni koʻkrak suti bilan oziqlantirish zarur. Agar bolalar sunʼiy oziqlantirilsa, tarkibida bifidobakteriyalari bor ozuqalarni tanlash lozim.

Barchamiz bilamiz, diareyada qoʻllaniladigan dorilarning aksariyati shifokor retseptisiz sotiladi. Lekin ota-onalar kimningdir tavsiyasiga binoan duch kelgan qorin ogʻrigʻiga qarshi dorini bolaga berishi mumkin emas. Ayniqsa, oʻziga qachondir yordam bergan dorini bolasiga ham ichirishi baʼzida ogʻir asoratlarga olib keladi. Oilalarga kirganingizda ota-onalarga bu haqda maʼlumot berishingiz foydadan xoli boʻlmaydi.

— Choʻmilish havzalarida ham bolalarga yuqumli ichak kasalliklari yuqishi mumkinmi?

— Yuqishi mumkin, chunki bolalar hamisha toza suv havzalarida choʻmiladi, deb boʻlmaydi. Baʼzida ota-onalar ham farzandini bu borada toʻla nazorat etmaydi. Ariqlar, anhorlar, suvi tozalanmaydigan basseynlar ham kasallik manbai boʻlishi mumkin. Ota-onalarning bu borada ham hushyorligini oshirish lozim.

— Bolalar yuqumli kasalliklari sohasida tibbiyotimizning eng muhim yutuqlari nimalarda iborat?

— Tibbiyotimizning bu borada eng muhim yutugʻi yuqumli ichak kasalliklariga qarshi zamonaviy emlash vositalarining tibbiyot amaliyotiga kirib kelayotganidir. Jahon ilm-fanining bunday olamshumul kashfiyotlari mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Keyingi yillarda pnevmokokk va rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash milliy taqvimimizga joriy etilgani quvonarli hol.

Pnevmokokka qarshi vaksina bilan emlangan bolalarda meningit, otit, pnevmoniya kabi ogʻir kasalliklarning oldi olinadi. Rotavirusga qarshi emlash esa diareyaning ogʻir turlari profilaktikasida muhim vositadir. Qolaversa, diagnostika va davolash amaliyoti ham yildan-yilga yangicha uslublar bilan boyib bormoqdaki, bunday ilgʻor texnologiyalar inson salomatligini asrashda muhim natijalarga zamin yaratmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi