Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish tizimi tubdan takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 17 Iyul 2020 2022

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Pochta aloqasi xizmatlari butun dunyo boʻylab ijtimoiy yoʻnaltirilgan xizmatlar hisoblanadi va belgilangan sifat hamda narxlarda aholiga pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish davlat tomonidan kafolatlangan.

    Qaror loyihasiga koʻra:

    • Milliy operator tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni diversifikatsiya qilish va kengaytirish orqali, axborot-kommunikatsiya, transport va logistika, pochta va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish;
    • pochta aloqasi xizmatlariga boʻlgan talabni toʻliq qondirish, ularning sifati va xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududida Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish;
    • pochta xizmatlarini taqdim etish jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va elektron savdo maydonchalarini joriy etish va rivojlantirish;
    • Respublikaning olis va chekka hududlarida pochta aloqasi tizimi orqali moliyaviy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, jumladan barcha turdagi toʻlovlarni qabul qilish, bank, sugʻurta va boshqa xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
    • Toshkent shahri va viloyat markazlarida zamonaviy logistika markazlarini yaratish orqali milliy logistika tizimini takomillashtirish;
    • Milliy operatorining pochta aloqasi infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barcha pochta aloqasi obyektlarda bosqichma-bosqich zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini hisobga olgan obodonlashtirish va qurilish ishlarini amalga oshirish hamda transport taʼminoti tizimini yangilash;
    • xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilangan.

    Shuningdek, 2024-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda Milliy operator – “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati:

    asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlashdan;

    belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Milliy operator infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida chetdan olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnik va texnologik uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar, dasturiy taʼminot, oʻrovlash vositalari hamda transport vositalari bojxona toʻlovlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinadi.