Pochta xizmatlari sifati oshyapti

    Mamlakatimizda 15 Yanvar 2021 1255

    2020-yilda aholining pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida 38 ta pochta aloqasi bogʻlamalari va 88 ta aloqa boʻlimlarining faoliyati qayta tiklandi. Natijada tizimda 275 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Butun dunyoda karantin tufayli chegaralar yopilgan boʻlsada, 32 davlat bilan yer usti transporti orqali va 38 davlat bilan havo transporti orqali oʻzaro xalqaro pochta almashinuvlari uzviy amalga oshirilib keldi.

    Pochta aloqasi obyektlari orqali 60 dan ortiq turdagi toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi va oʻtgan yilga nisbatan 1,6 barobar koʻp toʻlovlar qabul qilindi. Shu bilan birga, ustama toʻlovli pochta joʻnatmalarini yetkazib berish xizmati tiklanib, 2020-yil yakuniga qadar 19 milliard soʻmlik joʻnatmalar yetkazib berildi.

    2020-yilda “gibrid pochta” tizimi takomillashtirilib, uning negizida Yagona milliy tizimi joriy etildi.

    Bugungi kunda, Yagona milliy tizimdan foydalanilgan holda pochta joʻnatmalarini yuborish boʻyicha Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzarxiv” agentligi va boshqa davlat organlari bilan shartnomalar tuzilib, tizimli ishlar davom ettirilyapti.

    Pochta joʻnatmalarini yetkazib berish mexanizmlari va logistika tizimi qayta koʻrib chiqilib, elektroskuterlardan foydalangan holda viloyat va tuman markazlariga xizmat koʻrsatuvchi pochtalyonlarni markazdagi saralash boʻlimidan “bogʻlama-mijoz” tamoyili asosida pochta joʻnatmalarini manzilgacha yetkazib berish amaliyoti joriy etilib, 45 ta elektro-mopedlar sotib olindi. Pochta va davriy matbuot nashrlarni tashishda foydalanilayotgan avtotransport vositalarini yangilash maqsadida, 47 ta yangi avtotransport vositalari xarid qilindi.

    23 ta pochta aloqa obyektlarida davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. 1 ta avtomat konvertlash uskunasi sinov tariqasida “Toshkent pochtamti” filialiga oʻrnatildi. Milliy onlayn savdo maydonchasiga tadbirkorlarning ishlab chiqqan mahsulotlarini joylashtirish boʻyicha 30 ta tadbirkor bilan shartnomalar tuzildi.

    “Oʻzbekiston pochtasi” AJ sayti (www.pochta.uz) orqali davriy matbuot nashrlariga onlayn obuna xizmati yoʻlga qoʻyilib, 250 turdan ortiq davriy matbuot nashrlariga onlayn ravishda obuna uyushtirish imkoniyati yaratildi.

    Shuningdek, elektron tijorat bozorida faol ishtirok etishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan “Milliy onlayn savdo maydonchasi”ni yaratish (hozirgi kunda mazkur loyiha test rejimida ishga tushirilgan), internet doʻkonlarga toʻlaqonli xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan zamonaviy logistika markazlarini tashkil etish ishlari bajarilyapti.

    Internet orqali sotib olingan tovarni egasiga yetkazib berish boʻyicha pochta joʻnatmalari va mahsulotlarni yakuniy manzilga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari v kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. Har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham unga boʻlgan talab hech qachon toʻxtab qolmaydi. Balki, muntazam ravishda oʻsib boradi.

    Bu esa, tizimga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, barcha hududlardagi soha xodimlarini doimiy ravishda oʻz ustida ishlash, sohada tizimli islohotlarni amalga oshirish va pochta xavfsizligini taʼminlash kabi muhim yoʻnalishlarni doimiy takomillashtirishni talab etadi.