Poyezd chiptalarini chayqovchilar umuman olib sota olmaydi — “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi”

    Transport 10 Aprel 2023 2097

    Ayrim OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Yoʻlovchi poyezdlar chiptalari chayqovchilar qoʻliga chiqib ketgani bois chiptaxonalarda chipta qolmagan” degan fikrlarga hamda murojaatlarga rasmiy munosabat bildirildi.

    Mamlakatimizda anʼanaviy tarzda nishonlanadigan bayramlar, qishki taʼtil, qolaversa sayyohlik mavsumi mobaynida temiryoʻl transportiga boʻlgan talab ortmoqda.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, temir yoʻl transporti xavfsiz va ishonchliligi bois, yoʻlovchilar joʻnash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois, bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi koʻpchilikda notoʻgʻri tushuncha uygʻotmoqda.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tomonidan imkoniyatdan kelib chiqib, qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlar, qoʻshimcha vagonlar ham qoʻyib kelinmoqda.

    Bugungi kunda poyezd chiptalarini chayqovchilar umuman olib sota olmaydi. Chunki chiptalar yoʻlovchiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida yozib beriladi va temir yoʻl vokzallariga kirishda yoʻlovchilarning chiptalari zamonaviy uskunalar bilan tekshiriladi.

    Hozirda har kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta “Afrosiyob” poyezdining 12 ta qatnovi amalga oshirilmoqda. Respublikamizning barcha hududlariga esa 30 ga yaqin yoʻlovchi poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Temir yoʻl transporti orqali bir sutkada 25 000 dan ziyod yoʻlovchi oʻz manziliga yetkazib qoʻyilmoqda.

    Yoʻlovchilarga chipta xarid qilishda qulayliklar yaratish maqsadida chiptalarning elektron tarzda sotuvi yoʻlga qoʻyildi.

    Chiptalarni 𝘂𝘇𝗿𝗮𝗶𝗹𝘄𝗮𝘆𝘁𝗶𝗰𝗸𝗲𝘁𝘀 ilovasi hamda 𝗰𝗵𝗶𝗽𝘁𝗮.𝗿𝗮𝗶𝗹𝘄𝗮𝘆.𝘂𝘇 sayti orqali 45 kun oldindan yoʻlovchilar xarid qilib olishlari mumkin.