Bu haqda transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizning yirik transport-ekspeditorlik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan mazkur tashrif doirasida mintaqaviy bogʻliqlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar markazida turgan eng muhim masalalardan biri — “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temir yoʻli qurilishi loyihasini jadallashtirish boʻldi.
Pokiston Temir yoʻllari vaziri oʻrinbosari Mazxar Ali Shoh bilan kechgan uchrashuvda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun qisqa fursatda dala-tadqiqot ishlarini boshlashga kelishib olindi.
Pokiston kommunikatsiyalar vaziri oʻrinbosari Ali Shoh Masud bilan kechgan muloqotda yangi “Pokiston – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” transport yoʻlagini yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur yoʻnalishning afzalliklari va istiqbollarini amalda sinab koʻrish maqsadida shu yilning fevral oyida ilk pilot yuk tashuvlarini amalga oshirish belgilandi.
Bu yoʻlak Oʻzbekiston uchun nafaqat Pokiston, balki Xitoy bozorlariga chiqishda ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.