Pokiston “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston – Hind okeani portlari” multimodal yoʻlagini tashkil etishga qoʻshildi

    Transport 19 Sentabr 2024 477

    2024-yil 18-sentyabrda transport va logistika sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida Pokiston tomoni rasmiy ravishda “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston – Hind okeani portlari” xalqaro transport yoʻlagini tashkil etish va rivojlantirish toʻgʻrisida Oʻzaro Anglashuv Memorandumiga (keyingi oʻrinlarda XTY) qoʻshildi.

    Pokiston Islom Respublikasi kommunikatsiya vaziri ushbu Memorandumni imzolab, loyihaning mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalar va yuk tashishlarni rivojlantirishdagi ahamiyati va muhimligini taʼkidladi.

    XTYni tashkil etish va rivojlantirish jarayoni 2022-yil avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Qoʻshma Ishchi Guruhning uchinchi yigʻilishida boshlangan. Ushbu yigʻilishda yoʻlakni rivojlantirish masalalari faol muhokama etilib, Rossiya va Belarus tomonlaridan mazkur loyihani amalga oshirishga alohida qiziqish bildirilgan.

    Taʼkidlash joizki, 2023-yil noyabr oyida Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston transport vazirlari oʻrtasida imzolangan Oʻzaro Anglashuv Memorandumi, loyiha boʻyicha amalga oshirilishi kutilgan ishlarning faollashishiga olib keldi. Multimodal transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhning birinchi yigʻilishi 2024-yil aprel oyida Termiz shahrida boʻlib oʻtdi, unda Belarus Transport vazirligi Memorandumga qoʻshilib, Afgʻoniston va Pokiston tomonidan esa loyihaga qoʻshilish uchun davlat ichki tartib-taomillari yakunlanishi lozimligi maʼlum qilindi. Ushbu yigʻilishda yuk tashishlarni rivojlantirish, yuk oqimlarini tahlil etish, elektron raqamli hujjatlarni joriy etish va bojxona jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha aniq rejalarni oʻz ichiga olgan Yoʻl xaritasi qabul qilindi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Pokistonning ushbu keng koʻlamli loyihaga qoʻshilishi mintaqaviy savdo aloqalarini mustahkamlash va XTY orqali xalqaro yuk tashishlarni tezlashtirishda muhim qadam ekanligini bildiradi. Tomonlar XTY Yevrosiyodagi transport tizimida muhim boʻgʻin boʻlishiga, mahsulotlarni tranzit tashish uchun qulay va samarali yoʻllarni taʼminlashiga, va ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishiga umid bildirdilar.