Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi delegatsiyasining Pokistonga tashrifi davomida mamlakat federal aviatsiya vaziri Gʻulom Sarvar Xon bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda ikki mamlakat oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi muhokama etildi.

Eslatib oʻtamiz, COVID-19 pandemiyasiga qadar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent — Lahor — Toshkent yoʻnalishida haftasiga ikki marotaba muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelayotgan edi.

Uchrashuvda parvozlar geografiyasini kengaytirish va Oʻzbekiston aeroportlari jozibadorligini oshirish maqsadida Pokiston aviakompaniyalari havo kemalariga aeroportlarda yer usti xizmatlari koʻrsatishning asosiy turlari boʻyicha eʼlon qilingan tariflarga nisbatan 30% gacha tabaqalashtirilgan chegirmalar berilishi, ziyorat turizmi yoʻnalishida bajarilayotgan parvozlarga esa 50 % ga qadar chegirmalar berilishi, bundan tashqari Pokiston aviakompaniyalariga qulay boʻlgan slotlar taqdim etilishi maʼlum qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Oʻzbekiston tomonining yana bir muhim taklifi yaʼni, Pokiston havo kengligi hududi boʻylab, bevosita Afgʻoniston havo kengligi hududida davom etuvchi yangi havodagi harakatga xizmat koʻrsatish yoʻnalishini tashkil etish masalasi ham atroflicha muhokama etildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Shu bilan birga tashrif davomida Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti rahbari Doniyor Djumayev Pokiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aviatsiya boshqarmasi bosh kotibi Shavkat Alixon, Fuqaro aviatsiyasi departamentining aviatsiya vitse-marshali Muhammad Jamol Arshad hamda “PIA” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar “Uzbekistan airways” va “PIA” aviakompaniyalari oʻrtasida kod-sher, interlayn va proreyt kelishuvlarini birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldi.