Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va kutib oldi.

Taʼkidlash joizki, bu Imron Xonning mamlakatimizga ilk rasmiy tashrifidir.

Shu yil 14-aprel kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.

Sammitda koʻp qirrali Oʻzbekiston – Pokiston sherikligining dolzarb masalalari, jumladan, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni, hududlar oʻrtasidagi almashinuvlarni kengaytirish masalalari muhokama qilingandi.

Pokiston Bosh vazirining mazkur tashrifi koʻp qirrali Oʻzbekiston – Pokiston sherikligini yangi bosqichga olib chiqishda navbatdagi muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.

Tashrifning asosiy tadbirlari Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtadi.

Pokiston yetakchisi, shuningdek, Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumi va Toshkent shahrida oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishi, Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qilishi koʻzda tutilgan.