Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    2024-yil 5-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror rivojlanib borayotganini, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol hamkorlik amalga oshirilayotganini qayd etdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bajarishga eʼtibor qaratildi, bu jarayonda parlamentlar muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim oʻrin tutadigan parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

    Savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport va turizm kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar mazkur sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

    Ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga, ularning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishga qaratilgan qoʻshma madaniy tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlari muhokama qilingani uchrashuvning muhim jihati boʻldi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishiga, ikki davlat xalqlari manfaatlari yoʻlida belgilangan rejalar faol amalga oshirilishiga ishonch bildirildi, deb xabar beradi oliy Majlis Senati matbuot xizmati.