Pokistonda soʻnggi hafta ichida havo haroratining keskin koʻtarilib ketishi ortidan 600ga yaqin odam halok boʻldi. Issiq havo harorati taʼsirida kunlik oʻlim holatlari 30-40tani tashkil qilmoqda.
Bu haqda Pokiston sogʻliqni saqlash birlashmalari eʼlon qilgan bayonotga asoslanib, BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Karachida havo harorati +40 darajadan oshgani va yuqori namlik tufayli issiqlik +49darajaga koʻtarilgan. Buning ortidan soʻnggi olti kun ichida 600 ga yaqin oʻlim kuzatildi.
Karachi kasalxonasi yakshanba va chorshanba kunlari issiq urishi bilan 267 kishini qabul qildi. Issiq urishidan aziyat chekib murojaat qilayotganlarining aksariyati 60-70 yosh atrofidagi keksalardir. Shuningdek, kasalxonaga issiq urishidan oqibatida murojaat qilganlarning koʻpchiligi koʻchada issiqda koʻp yurgan. Mutaxassislar zarur boʻlmagan hollarda koʻchaga chiqmaslikni va koʻproq suv ichishlarini aytishmoqda, – deydi tez yordam boʻlimi boshligʻi doktor Imron Sarvar Shayx.
Maʼlumotlarga qaraganda, Pokistonga qoʻshni boʻlgan davlatlarda ham soʻnggi haftalarda haddan tashqari issiq havo harorati kuzatilmoqda. Hindiston poytaxt Dehli shahrida ham kunduzi harorat may oyidan beri +40 darajadan oshib, deyarli +50 darajaga etadi.
Mutaxassislarning fikricha, Karachidagi jazirama kelasi haftagacha davom yetadi.