Pokiston kompaniyalari Oʻzbekistondan charm mahsulotlari xarid qiladi

    Biznes 19 Mart 2024 277

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Ф.Нурмухамедов Pokiston Islom Respublikasining “Leading edge alliance” kompaniyasi rahbari, Oʻzbekistonning Pokistondagi bosh konsulligi faxriy konsuli Najeyeb Mushtaq Vohra boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Mazkur muloqot mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi va amaliy koʻmagida tashkil etildi. Uchrashuvda mahalliy charm korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish masalasi boʻldi.

    Dastlab, Pokiston tomoniga mamlakatimiz charm sanoatida soʻngi yillarda erishilgan yutuqlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʻrsatkichlar xususida maʼlumotlar taqdim etildi.

    “Leading edge alliance” kompaniyasi oʻz navbatida bugungi kunda Oʻzbekiston charm sanoatidagi yutuqlarni alohida eʼtirof etib, Pokistonning qator kompaniyalari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Uchrashuvda charm mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha tashabbuslar bildirildi.

    Oʻzbekiston tomoni xorijiy hamkorlarga charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Ishlab chiqarish jarayonlari, sifat koʻrsatkichlari va standartlar haqida fikr almashildi. Pokiston kompaniyasi tomoniga namunalar yetkazib beriladigan boʻldi. Laboratoriya sinovlari yakuniga yetgach, mahalliy korxonalarimiz bilan eksport shartnomalari imzolanishi kutilyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.