Kecha Pokiston janubi-sharqida poyezdning relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 30 kishi halok boʻldi, yana kamida 80 kishi jarohat olgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maʼlum qilinishicha, Pokistonning Sind viloyatida, Karachidan 275 kilometr uzoqlikdagi Navabshoh shahri yaqinida 10 ta vagon relsdan chiqib ketdi. Voqea joyida qutqaruv guruhlari va harbiylar ishlamoqda. Tumandagi tibbiyot muassasalarida favqulodda holat eʼlon qilingan. Ushbu yoʻnalishda poyezdlar harakati toʻxtatilgan.

Poyezd halokati sabablari hozircha nomaʼlum. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Qurbonlar soni ortishi ehtimoli bor.

Oʻzbekiston elchixonasi xabariga koʻra, Pokistondagi temir yoʻl halokati oqibatida halok boʻlganlar va jarohatlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq. Vaziyat diplomatlar nazorati ostida.