Pokistonda iyun oyi oʻrtalarida boshlangan musson yomgʻirlari va toshqinlar oqibatida qurbon boʻlganlarning umumiy soni 1695 kishiga yetdi, yana 12 865 kishi jarohat olgan.

Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi hisobotiga koʻra, tabiiy ofatda 630 nafar bola va 340 nafar ayol halok boʻlgan.

Janubdagi Sind viloyati eng koʻp jabr koʻrgan. U yerda halok boʻlganlar soni 759 kishiga yetdi. Janubi-gʻarbiy Balujiston va shimoli-gʻarbidagi Xayber-Paxtunxvada mos ravishda 336 va 307 kishi halok boʻldi.

“Bundan tashqari, Pokistonning turli mintaqalarida 2 045 349 ta uy vayron boʻlgan, 1 162 122 bosh chorva mollari nobud boʻlgan”, deyiladi xabarda.

84 okrug va 33 046 329 kishi toshqindan jabr koʻrdi. Yomgʻirlar mavsumi boshlanganidan beri 13 ming kilometrdan ortiq yoʻl va 440 koʻprik shikastlangan.