Pokistondan import qilingan mevalar tarkibida zararkunandalar aniqlandi

    Pokistondan import boʻlgan mahsulot uchun rasmiylashtirilgan 30 dan ortiq fitosanitar sertifikat qalbaki ekanligi aniqlandi.

    Bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

    Har yili qish mavsumida respublikada sitrus mevalariga boʻlgan talab yuqori boʻlib, mazkur turdagi mahsulotlarning import hajmi ortadi. Mevalarning katta qismi Oʻzbekistonga Pokiston davlatidan import qilinadi. Tabiiyki, olib kirilgan mahsulotlar karantin nazoratidan oʻtkaziladi.

    Bir necha kun avval “Ayrtom” chegara oʻtkazish punkti orqali 26 ta transport birligida Pokiston davlatidan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi maʼlum boʻldi. Mahsulotlardan namunalar olinib, Agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza oʻtkazildi. Tahlil natijasida import mevada “Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlandi. Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxoʻri, zaytun, uzum kabi oʻsimliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga taʼsir koʻrsatadi. Asosan Pokiston, Afgʻoniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.

    Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bogʻlandi. Muloqotda Pokiston tomoni dekabr oyida Oʻzbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganligini maʼlum qildi.

    Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, endilikda Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida Karantin agentligining “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshirilib, Pokiston davlatining elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan soʻng mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.

    Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi (IKR) rasmiylashtirilishi vaqtinchalik toʻxtatildi.