Pokistonning yirik yengil sanoat kompaniyasi “All Pakistan Textile Mills Association” (APTMA) fabrikalar tarmogʻi bir necha yildirki, mamlakatimizda Namangan viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Endilikda pokistonlik sarmoyadorlar Buxoro viloyatida ham tabiiy toza paxta tolasidan yigirilgan pishiq va puxta matodan kiyim-kechak tikib tayyorlash loyihalari tashabbusi bilan chiqdi, dkb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Botir Zaripov Pokiston Islom Respublikasining “All Pakistan Textile Mills Association” (APTMA) fabrikalar tarmogʻi ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi. Muzokarada ”Ejaz Tekstil Mills Limited” kompaniyasi ijrochi direktori Gouxar Ejaz boshchiligidagi investorlarga viloyatning ayni kunda yengil sanoat sohasidagi salohiyati haqida maʼlumot berildi. Jumladan, mazkur mamlakat bilan tovar aylanmasi keyingi bir yilda 1,3 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlib, yaqin yilda bu koʻrsatkichni 3 million AQSH dollariga yetkazish chora-tadbiri belgilangan. Dunyoda oʻz brendini yaratgan pokistonlik yengil sanoat gigantlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosiy xom ashyo taʼminotida muammo boʻlmagan viloyatimizda yengil sanoat fabrikalari tarmogʻiga asos solish imkonini beradi. Bu jarayonda albatta, “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida yirik loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy dizayn va andozada tikib tayyorlanadigan kiyim-kechak va boshqa mahsulotni chet elga eksport qilish katta foyda demakdir.

Muzokarada aniq konstruktiv takliflar oʻrtaga tashlandi. Pokistonlik sarmoyadorlar tomoni, yaʼni “Sarena Tekstil Industriyes PVT Ltd” korxonasi rahbari Hamid Zamon, ”Kuhinur Tekstil Industriyes” korxonasi rahbari Ismail Fayaz, qolaversa, “All Pakistan Textile Mills Association” (APTMA) Assotsiatsiyasi raisi Adil Bashir, mazkur kompaniya Ijrochi direktori Shaxid Munir Sattar viloyatimizda umumiy qiymati 500 millioan AQSH dolariga teng qiymatdagi yirik toʻqimachilik ishlab chiqarish korxonasiga asos solish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

Mazkur loyiha tufayli hududimizda 10 ming ishchi oʻrniga ega, ip yigirish, tolani qayta ishlab mato koʻrinishiga keltirish, uni boʻyash va pishiq matodan buyurtma asosida xaridorbop kiyim-kechak va boshqa mahsulot tikib tayyorlanadigan katta fabrika bunyod etiladi. Albatta, viloyatimiz mutasaddilari bu istiqbolli loyihani qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muzokara yakunida tomonlar oʻrtasida ikki tomonlama teng manfaatli kelishuv toʻgʻrisidagi Memorandum imzolanadigan boʻldi.