“Dunyo“ AAning xabar berishicha, “Lahore Expo Center” markazida tashkil etilgan ushbu tadbirda uch kun davomida yurtimizda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, mebel va yogʻochsozlik, kimyo, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda mamlakatimizning turizm salohiyati namoyish etildi.
Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyatini ilgari surishni maqsad qilgan ushbu muhim tadbirda ishtirok etish uchun respublika Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi 150 dan ortiq tadbirkorlardan iborat nufuzli delegatsiya Lahor shahrida tashrif bilan boʻldi.
Uch kun davomida 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar milliy sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbir doirasida Oʻzbekiston tadbirkorlarining 500 dan ortiq “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Ularda yangi savdo shartnomalarini tuzish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Koʻrgazma davomida umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng 181 ta shartnoma imzolandi. Shundan 263 million AQSH dollari eksport savdo shartnomalari, 236 million AQSH dollari esa import shartnomalarini tashkil etadi.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi bosh ijrochi direktori Fayz Ahmad bilan oʻtkazilgan uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimga kiritilgan mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish, Oʻzbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnomalar olishni tezlashtirish hamda ikki mamlakat elektron savdo platformalarida mahsulotlarni joylashtirish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.