“Dunyo” AAning xabar berishicha, tashrif doirasida 29-may kuni mamlakatimiz delegatsiya vakillari Lahor shahrida boʻldi va Laxor Savdo-sanoat palatasi, Umumpokiston toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari uyushmasi, toʻqimachilik, teri va junni qayta ishlash kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Xususan, “Taba Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Yunus Textile Mills” kompaniyasi bilan uy toʻqimachiligi yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston kompaniyasi Oʻzbekistondagi kam quvvatda ishlayotgan yoki faoliyatini toʻxtatgan korxonalar bazasida qoʻshma loyihalarni oshirishdan manfaatdorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
“Sapphire” kompaniyasi rahbariyati bilan esa Oʻzbekistonda kichik yoshdagi bolalar uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish, ip-kalava va paxta chiqindilarini import qilish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Lahor Savdo-sanoat palatasida 50 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari bilan davra suhbati oʻtkazildi. Yigʻilganlarga Oʻzbekistonning investitsion salohiyati, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, erkin iqtisodiy zonalar, eksportbop mahsulotlar boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Palata raisi Mian Abuzar Shad bilan kechgan muloqot natijasida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, eksportni diversifikatsiya qilish, birgalikda toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Umumpokiston toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari uyushmasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda mamlakatimizdagi toʻqimachilik sohasida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni pokistonlik hamkorlarga boshqaruvga berish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksportni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Uyushma rahbari toʻqimachilik sohasida oʻzbekistonlik hamkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qilib, joriy yil iyul oyida Oʻzbekiston korxonalari bilan tanishish uchun mamlakatimizga kelish istagida ekanligini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokida Lahor shahrida “Oʻzbekiston savdo uyi”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Lahor shahri maʼmuriyati, yirik ishbilarmon doira vakillari, mahalliy savdo-sanoat palatasi aʼzolari ishtirok etdi. Marosim ishtirokchilariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari, mamlakatimizdagi investitsiyaviy muhit, xorijiy investorlar uchun yaratilgan noyob imtiyoz va qulayliklar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Pokistonning yetakchi “Dinerʻs Group” kompaniyasi oʻrtasida birgalikda “Oʻzbekiston savdo uyini” faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, teri va charmdan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Dada Group” kompaniyasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekistonda qoʻy, echki va qoramol terisini qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalar boʻyicha keyingi qadamlarni belgilash maqsadida tez orada kompaniya delegatsiyasining Oʻzbekistonga safarini amalga oshirishga kelishildi.








