Pokistonning TCS transport-logistika kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochish niyatida

    Transport 4 Avgust 2022 1906

    Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Pokistonning yirik transport-logistika kompaniyasi TCS raisi Xolid Avan bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar transport-logistika sohasida hamkorlikdagi aloqalarni rivojlantirish, Oʻzbekistondan Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga olib chiquvchi transport koridori boʻylab barqaror yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.

    Pokiston tomoni Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, mintaqa tranzit salohiyatini yaxshilash va janubiy yoʻnalish boʻylab Pokistonga xavfsiz va barqaror yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha olib borayotgan saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

    Xolid Avan Oʻzbekistonda doimiy faoliyat yuritishni yoʻlga qoʻyish va Markaziy Osiyo mintaqasidan yuk tashuvlarini tashkil etish maqsadida mamlakatimizda TCS kompaniyasi vakolatxonasini ochish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

    Shu bilan birga Xolid Avan oʻzaro hamkorlik aloqalari doirasida TCS kompaniyasi oʻzbekistonlik talabalarni Pokiston oliy oʻquv yurtlarida transport-logistika sohasida tahsil olishini tashkil etish boʻyicha moliyaviy koʻmak koʻrsatishini taʼkidlab oʻtdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va yuk tashish shartlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.