Shu kabi savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim mudiri Dilorom TURSUNOVA javob berdi.

— Poliomiyelitga qarshi vaksina qilish Oʻzbekistonda qachon boshlangan? Emlash tartibi qanday?

— Mamlakatimizda milliy emlash kalendariga 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar kiritilgan boʻlib, poliomiyelit ham shulardan biri hisoblanadi.

Ayni paytda yurtimizda poliomiyelitga qarshi aralash immunizatsiya, yaʼni tomchi orqali hamda ineʼksion usulda amalga oshiriladi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va yetti yoshida qoʻllaniladi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham inyeksion tarzda emlanadi.

Poliomiyelitga qarshi aholi vakillari 5-marta emlanishi hamda vaksinatsiyada aralash usuldan foydalanilishi xavfsizlikni yana-da oshiradi.

— Poliomiyelit kasalligi bizga kirib kelmasligi uchun qanday ehtiyot choralari koʻrilyapti?

— Oʻzbekistonda bu kasallik tarqalishini oldini olish uchun doimiy ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, qoʻshni davlat bilan chegara hududlardan kirib kelayotgan fuqarolarda poliomiyelit kasalligi alomatlari borligini aniqlash chora-tadbirlari toʻliq koʻrilgan.

Ayni paytda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga mutasaddilarimiz tomonidan Oʻzbekistondagi barqaror vaziyatni monitoring qilish hamda poliomiyelit kasalligini oldini olishda hamkorlikda amaliy ishlar olib borish boʻyicha taklif kiritildi.

Shuningdek, poliomiyelit kasalligi bilan simptomlari bir xil boʻlgan oʻtkir boʻshashgan shol kasalligiga chalingan bemorlar qayta laboratoriya tahlillaridan oʻtkazilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.