Seminardan asosiy maqsad ikki davlatning jalb etilgan xizmatlari oʻrtasida chegara nazorati va migratsiya jarayonlarini tizimlashtirish uchun axborot tizimlaridan foydalanish sohasida tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilashdan iborat boʻldi.
Amaliy seminar davomida ishtirokchilar Polsha Chegara xizmati, Xorijliklar bilan ishlash agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston vakillari tomonidan soxta hujjatlarni aniqlash, chet el fuqarolarining boʻlish va ishga joylashish qonuniyligini nazorat qilish uchun chegara va migratsiya xizmatlari faoliyatida qoʻllaniladigan yangi texnologiyalarni qoʻllash jarayoni oʻrganildi.
Polsha va Oʻzbekiston vakillari migratsiya masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini ham ishlab chiqdi.
Oʻquv seminari yakunida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki mamlakat vakolatli organlari vakillarining turli darajadagi muntazam uchrashuvlarini davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.