Mehmonlar Toshkent shahar IIBBda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy bosqichlari haqida, huquqbuzarliklarni erta oldini olish choralari haqida maʼlumot olishdi va ichki ishlar boʻlimi xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildilar.
Poytaxt ichki ishlar organlari faoliyatida soʻngi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining mahsulotlari keng qoʻllanilayotgani bois hodisalar boʻyicha chora koʻrish tezligi oshirilishiga va huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldini olishga erishilayotganiga alohida urgʻu berildi. Polsha Chegara xizmati delegatsiyasi rahbariga boʻlinma faoliyatiga joriy qilingan texnik vositalar, shu jumladan bugungi kunda Toshkent shahar IIBB xizmatlari xodimlari tasarrufida boʻlgan avtomobillar, maxsus texnika va maxsus vositalar namoyish etildi.
Soʻng Toshkent shahar IIBB boshligʻi oʻrinbosarining v.b. – Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshligʻi polkovnik Doniyor Ergashev mehmonlarga oʻzi rahbarlik qilayotgan, xalq tilida “turistik politsiya” nomi bilan tanilgan boshqarma faoliyati haqida maʼlumot berib, xodimlarning karantin davrida fuqarolarga koʻrsatgan yordamlari haqida soʻzlab berdi.
Shu kunning oʻzida mehmonlar “turistik politsiya” hamrohligida Rim-katolik xramida boʻlishdi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.