Unda o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va kompaniyaning O'zbekiston farmatsevtika bozoriga yanada faol kirishi bilan bog'liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
1986-yilda tashkil etilgan «Adamed Group» Polshadagi ikkinchi yirik farmatsevtika va biotexnologiya kompaniyasi hisoblanadi. U Ispaniya, Rossiya, Chexiya, Vyetnam, Italiya, Qozog'iston, O'zbekiston, Slovakiya va Ukrainada o'z vakolatxonalariga ega.
Joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida ham ushbu kompaniyaning to'laqonli vakolatxonasi ochildi. Hozirgi paytda unda 30 nafar xodim ishga qabul qilinmoqda. Ofis faoliyati mutaxassislar tayyorlash, O'zbekistondagi tibbiyot muassasalarini maxsus jihozlar bilan ta'minlash, farmatsevtika sanoatida texnologik innovatsiyalarni qo'llash, farmatsevtika va tibbiy xizmatlar integratsiyasini rag'batlantirish, shuningdek, Pol`shada mutaxassislar tayyorlash uchun grantlar ajratish bilan bog'liq loyihalarni ilgari surishga yo'naltiriladi.
«Adamed Group», shuningdek, O'zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari savdosini oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, o'zbek bozori tahlili asosida O'zbekistonda dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarni ochish masalasi ham kun tartibida turibdi.
Uchrashuv chog'ida O'zbekiston elchisi Bahrom Boboev Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) bilan avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi muvaffaqiyatlardan mamnuniyat bildirdi. Xususan, «Adamed Group» kompaniyasi TMA negizida talabalar uchun dori vositalari ishlab chiqarish, biotexnologiya va farmatsevtika sohasida innovatsiya tadqiqotlari, nou-xauni joriy etish bo'yicha simulyatsiya o'quv laboratoriyasini qurishga kirishdi. Bundan tashqari, 2022 yilda TTAning eng yaxshi talabalari uchun 440 ming dollar miqdorida 8 ta grant ajratildi.
O'z navbatida, Katarina Dubno O'zbekistonda sog'liqni saqlashning asosiy vazifalaridan biri bo'lajak tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash ekanini qayd etgani barobarida Pol`sha kompaniyasi bu jarayonda ko'mak berish niyatida ekanligini tasdiqladi.
Yaqin kelajakda kompaniya O'zbekistondagi tibbiyot oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun (eksperimental sinflar) «ADAMED SmartUP Academy» pilot dasturini amalga oshirish, innovatsion echimlarni topish yoki bozorda mavjud dori vositalarini takomillashtirish bo'yicha tajriba almashishni yo'lga qo'yish, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikni rivojlantirish, yurak-o'pka reanimatsiyasi uchun o'quv fantomlari majmuasini taqdim etishni mo'ljallamoqda.
Ushbu loyihalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida «Adamed Group» vakillari 21-24- noyabr` kunlari amaliy safar bilan O'zbekistonga borishni rejalashtirmoqda.