Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi hamda Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi oʻzaro hamkorligidagi saʼy-harakatlari natijasida ogʻir turdagi jinoyatni sodir etgan shaxs qoʻlga olindi.
Maʼlum qilinishicha, Interpol Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi masʼul xodimlari tomonidan olib borilgan tegishli tezkor ishlar hamda Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi vakillarining hamkorligida ogʻir jinoyat sodir etib, Polsha davlatida yashirinib yurgan shaxs aniqlangan.
Xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda ushbu shaxs Oʻzbekiston Respublikasiga deportatsiya qilinib, mamlakatga olib kelindi. Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xorijiy davlatlar bilan oʻzaro hamkorlikda olib borayotgan ishlari ijobiy natijalar bermoqda.
Oʻzbekistonga olib kelingan shaxs sodir etgan jinoyati uchun qonunchilikka muvofiq tartibda javobgarlikka tortilishi taʼkidlandi.