Oʻzbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev Polsha tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Marek Pravda bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Suhbat davomida Oʻzbekiston-Polsha munosabatlarini yanada mustahkamlash va avval erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi muhokama qilindi.
Tomonlarning barcha yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligi tasdiqlandi.
Joriy yilga rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Polsha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Polsha Investitsiyalar va savdo agentligining Toshkentda vakolatxonasini ochish bilan bogʻliq masalalarga eʼtibor qaratildi.
Shu yilning 13-mart kuni Varshava–Toshkent–Varshava yoʻnalishi boʻyicha yoʻlga qoʻyiladigan birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovining muhim ahamiyati taʼkidlandi.