Jumladan, hujjatlarini yo‘qotib, ishsiz va og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan xorazmlik hamyurtimiz Yu.A politsiya organlari tomonidan ushlanganidan so‘ng, unga zudlik bilan konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi. Unga Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda aviachipta va vaqtinchalik qaytish sertifikati rasmiylashtirildi hamda vatanga qaytarildi.
Hujjatlari o‘g‘irlanib mushkul vaziyatga tushib qolgan qashqadaryolik yurtdoshimizga ham o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilib, O‘zbekistonga qaytishi taʼminlandi.
Lodz voyevodaligi Velyun shahrida yurak xuruji oqibatida vafot etgan, namanganlik vatandoshimizning jasadi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga qaytarildi.
Polshadagi logistika kompaniyasida ishlagan va xizmat safari davomida Estoniyaning Tartu shahrida insultga uchragan toshkentlik Z.Mga ham har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatildi. U O‘zbekistonning Polsha va Latviyadagi elchixonalari, Migratsiya agentligi hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi ko‘magida maxsus tibbiy jihozlar va shifokorlar kuzatuvida “Riga–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha vatanga olib kelinib, shifoxonaga joylashtirildi.
Shuningdek, ish joyida baxtsiz hodisa natijasida oyog‘i singan andijonlik T.Iga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga qaytarilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, ish joyida yiqilib, miya chayqalishi oqibatida kasalxonaga joylashtirilgan namanganlik N.Aning holati doimiy nazoratga olinib, unga zarur tibbiy muolajalarni olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Elchixona diplomatlari fuqarolarimiz duch kelayotgan bu kabi muammolarni tizimli o‘rganish maqsadida turli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Diplomatlar hamyurtlarimizning yashash joylari (xostellar) va mehnat faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganmoqda.